Oliy harbiy ta'lim muassasalarida test sinovlari bolib otdi
Joriy yilning 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qo‘mitasiga qarashli jami 10 ta oliy harbiy ta'lim muassasasida test sinovlari o‘tkazildi. Test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta'lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risida Nizom” asosida amalga oshirildi.
Test sinovlariga jami 8715 abituriyent jalb etildi. Test sinovlarini joylarda sifatli tashkil etish va o‘tkazish uchun 100 nafar DTM vakillari, 893 nafar auditoriya rahbari va kuzatuvchilari qatnashdi.
Test sinovlari jarayonida abituryentlarga ta'lim yo‘nalishiga mos holda 3 ta blok umumta'lim fanlaridan iborat savollar kitobi taqdim etildi. Test topshiriqlarining umumiy soni 108 ta bo‘lib, ular umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi umumta'lim fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Ta'kidlash joizki, matematika bloki savollari tarkibiga 6 ta informatika va axborot texnologiyalarga doir test topshiriqlari kiritilgan.
Abituryentlarning uch soat vaqt davomida o‘zlarining umumta'lim fanlaridan olgan bilimlarini sinab ko‘rishlari uchun auditoriyalarda yetarli shart-sharoitlar yaratildi.
Barcha oliy harbiy ta'lim muassasalarida test sinovlari belgilangan tartib va qoidalarga qat'iy rioya qilgan holda o‘tkazildi.