Orta maxsus, kasb-hunar ta'limi tizimidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlari pedagog kadrlari malaka sinovi otkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta'limi ustalarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularga malaka toifalari berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 20-bandiga asosan hududiy boshqarmalarda tuzilgan attestatsiya komissiyalari akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida faoliyat ko‘rsatayotgan pedagog kadrlarining mutaxassisligi bo‘yicha bilim darajasi, kasbiy malakasi va pedagogik ko‘nikmalarini aniqladi. Malaka sinovida 11638 nafar umumta'lim, umumkasbiy va mutaxassislik fanlari o‘qituvchilari ishtirok etdi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida Nizomning 17-19-bandlarida belgilangan tartibda tuzilgan ekspert guruhi faoliyat olib bormoqda va pedagog kadrlarning ish faoliyatini o‘rganib chiqish yakunlari bo‘yicha lavozimi, malaka toifasini oshirish, saqlab qolish yoki pasaytirish haqida xulosa va tavsiyalarni tayyorlashmoqda. Shuningdek, ekspert guruhining xulosa va tavsiyalari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining ilmiy-pedagogik kengashida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi hamda hududiy boshqarmalardagi attestatsiya komissiyalariga kiritiladi.