Litsenziyalash tartibi soddalashtirildi
Chet tillarni o‘rganish imkonini yanada kengaytirishni ta'minlash, nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘qitish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash tartibi soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 14 iyundagi “Nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarga o‘qitish sohasidagi faoliyatini litsensiyalash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 169-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq 2013 yil 1 avgustdan boshlab nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur qarorda “Nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”, “Nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha hududiy komissiyalar to‘g‘risidagi Nizom”, “Nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha hududiy komissiyalarning Namunaviy tarkibi” tasdiqlandi.
“Nodavlat ta'lim muassasalarining chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasidagi faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilinishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi hududiy komissiyalar tomonidan qabul qilinadi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmasi hududiy komissiyaning ishchi organi vazifasini bajaradi.
Shuningdek, mazkur qarorda Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 1 martdagi 100-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizom”ga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.